«Talabalar teatr studiyalari»  tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Joriy yilning 5-6-7-iyun kunlari Samarqand shahrida «Talabalar teatr studiyalari» Respublika ko‘rik tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda butun Respublikadan saralangan 11 ta jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun bellashdilar.

Tanlov davomida bir-biridan qiziqarli va mazmundor sahna asarlari namoyish etilib, tajribali hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. 7-iyun kuni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi hamda g‘olib va sovrindorlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan diplom, statuetka hamda munosib ravishda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra 3-o‘rin Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali «Ko‘zmunchoq» jamoasi va Central Asian Medical university «CAMU» jamoalariga, 2-o‘rin Toshkent davlat texnika universiteti «Retro» jamoasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti «Abu Ali ibn Sino izdoshlari» jamoalariga Nasib etgan bo‘lsa, «Talabalar teatr studiyalari» Respublika ko‘rik tanlovining bu yilgi mavsum 1-o‘rini Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Toshkent gumanitar fanlar universiteti «Sho‘raxon» jamoasi hamda Qarshi davlat universiteti «Qaqnus» jamoalariga nasib etdi.

Tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib munosib taqdirlandilar. Shuningdek, tanlovning final bosqichini yuqori saviyada tashkillashtirganligi uchun Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayevga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tashakkurnomasi taqdim etildi.