O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyul kuni Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi”.
Endilikda OTMlar hududida pullik o‘quv kurslari, sport to‘garaklari va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi talabalarning daromadlari umumiy daromadga kiritilmaydi, ya’ni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lanmaydi.
Masalan, talaba o‘zi o‘qiyotgan universitet hududida sport to‘garagi tashkil qilib, N so‘m pul ishlab topgan. Bu to’liq summa talabaning daromadi bo’lib, undan soliq to’lanmaydi.
Imtiyoz o’zgartirishlar e’lon qilingan kundan boshlab (26 iyul) kuchga kiradi. Undan foydalanish uchun talaba yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tishi kerak:
– maxsus mobil ilova orqali;
– soliq to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘i orqali;
– soliq idorasida.
Ro’yxatdan o’tish uchun siz PINFL, talaba bajarmoqchi bo’lgan faoliyat turi, taklif qilingan ish manzili va mobil telefon raqamini ko’rsatadigan so’rovnomani to’ldirishingiz kerak.
Toʻliq ism, pasport yoki ID-karta maʼlumotlari, yashash joyi soliq qoʻmitasi va ichki ishlar organlari maʼlumotlar bazasidagi maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar o’z faoliyatlarini amalga oshirayotgan joyda ro’yxatga olinadi.
Ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha belgilangan shakldagi QR-kod bilan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.