O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdi. Yig‘ilishda o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, zamonaviy malakali pedagog kadrlarni tayyorlash zarurligi yana bir bor muhokama qilindi. Kimyo, biologiya, fizika va matematika o‘qituvchilarini kasbiy attestatsiyadan o‘tkazish tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
11-may kuni Prezident qarori bilan Xalq ta’limini 2022–2026-yillarda rivojlantirish milliy dasturi tasdiqlandi. Yil oxiriga qadar 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun, 2023–2024-yillarda esa 4, 5, 8, 9 va 11-sinflar uchun yangi darsliklar, oʻquv-metodik qoʻllanmalar va ish daftarlari ishlab chiqilishi kerak. Maktablarga ona tili, adabiyot, tarix, odobnoma va huquqshunoslikdan boshqa fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish va darsliklar tanlashga ruxsat berildi.
Qarorda, shuningdek, o‘qituvchilarni sertifikatga egaligi va mehnat natijalariga qarab rag‘batlantirish, ustama to‘lash tizimi joriy etiladi. Yuqori natijalarga erishgan pedagoglarni rag‘batlantirish va malakali ishchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi shakllantiriladi. Joriy yilda jamg‘armaga davlat byudjetidan 300 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.