“Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlinmalari huzuridagi ʻToʻmaris izdoshlariʻ jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, 2023-yil 1-iyundan yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta boʻlmagan, umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni koʻngilli asosda jalb qilish orqali “Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlar faoliyati tashkil etiladi.
Mazkur guruhlarning asosiy vazifalari oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bogʻliq masalalarni aniqlashda koʻmaklashish hisoblanadi.
Shuningdek, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga va xotin- qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga munosib hissa qoʻshgan “Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlari aʼzolariga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻining tavsiyanomasiga asosan huquq-tartibot organlarining OTMga saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng yakka tartibdagi suhbatsiz (test sinovlarisiz) kvota asosida oʻqishga kirish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, tavsiyanoma berilgan nomzodlar soni belgilangan kvotadan koʻp boʻlgan taqdirda, ularni oʻqishga qabul qilish tanlov natijalari boʻyicha toʻplangan ballardan kelib chiqib, ajratilgan qabul kvotalari doirasida ketma-ketlik tartibida taqsimlangan holda amalga oshiriladi.