O‘zbekistonda qancha xorijlik talaba ta’lim oladi?

Yaqin besh yil ichida yurtimizda mahalliy talabalar soni bilan birgalikda xorijdan kelib tahsil oluvchi talabalar soni ham keskin ko‘tarildi. Bu quvonarli holat, chunki yaqin ikki yil ichida Milliy Oliy ta’lim muassasalarimizning xalqaro reytinglarda ham o‘rin egallagani butun dunyo yoshlarida O‘zbekistonda ta’lim olish istagini yanada oshirdi. Statistika Vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilida O‘zbekistondagi OTMlarda 10,8 ming nafar xorijiy talaba tahsil olishi ko‘rsatilgan.

Ma’lumotlardan ko‘ringanidek, yaqin olti yil ichida xorijlik talabalar soni 8 baravarga ko‘tarilgan. Yaqin yillar ichida O‘zbekiston Milliy Universiteti, Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining xalqaro reytinglar va Top 100 talik OTMlar ro‘yxatiga kirgani xorijlik talabalar soni oshishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.    

2024-yilda O‘zbekistonda turli mamlakatlardan, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlardan talabalar tahsil olishadi.

Ushbu davlatlar orasida qo‘shni davlatlarimizdan tashqari rivojlangan Yevropa davlatlari Fransiya, Germaniya va Rossiyalik talabalarning borligi ta’limdagi islohot va o‘sishning samarasi deya bemalol ayta olamiz. Ishonamizki, yaqin kelajakda oliy ta’lim tizimida bundan-da katta yutuqlarga erishiladi va jahon reytinglarida yuqori marralarni zabt etishda davom etadi!