O‘zbekistonda jurnalistika bo‘yicha xalqaro tanlov boshlangani e’lon qilindi

Respublika Jurnalistlar ijodiy uyushmasi jurnalistika sohasidagi «Oltin qalam» milliy mukofoti – xalqaro tanlov boshlanganini e’lon qildi. Uning natijalari an’anaviy tarzda 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kunida eʼlon qilinadi.

Tanlov jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va sifatli materiallarni keng tarqatish, ommaviy axborot vositalarida ilg‘or standartlarni targ‘ib qilish, milliy jurnalistikani rivojlantirishga qaratilgan.

Tanlovda televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet jurnalistika kabi 5 ta nominatsiya mavjud. Nominatsiyalardan biri O‘zbekiston haqidagi xorijiy jurnalistlarning materiallariga qaratilgan.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar 2021-yil 1-apreldan 2022-yil 1-aprelgacha chop etilgan yoki efirga uzatilgan kamida 5 ta ijodiy ishini taqdim etishlari kerak. Hujjatlar 15-aprelga qadar qabul qilinadi.