O‘zbekiston xalq ta’limi tizimida 11 oyda 27,5 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad aniqlandi

O‘zbekiston Xalq ta’limi tizimida so‘nggi 11 oyda 27,5 milliard so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad aniqlangan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Xalq ta’limi vazirligida Antikorrupsion haftalik doirasida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etilgan. Tadbirda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov xalq ta’limi tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzarlik holatlarini oldini olish va bartaraf etish yo‘nalishida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan tashkiliy va amaliy ishlar haqida so‘z yuritgan.

Qayd etilishicha, yil boshidan beri vazirlik tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 88 milliard so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 27,5 milliard so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad aniqlangan. Shuningdek, tadbir davomida tizimdagi eng ko‘p talon-tarojlik, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlangan hududlar haqida ma’lumot berilgan.

Ta’kidlanishicha, Andijon shahrida 11,5 milliard so‘m, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 11 milliard so‘m hamda ushbu viloyatning Guliston shahrida 4 milliard so‘m miqdorda byudjet mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan. Shuningdek, tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 159 ta 72,9 milliard so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Tadbirda vazirlikning Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berilgan.

«Xususan, hozirga qadar sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan 243 nafar rahbar xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan, 3 ming 415 nafariga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilgan, 151 ta holat bo‘yicha to‘plangan materiallar huquq-tartibot idoralariga yuborilgan», — deya ta’kidlagan Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati boshlig‘i Iskandar To‘raev. Bundan tashqari, vazirlik tomonidan 264 ming 41 nafar xodim huquqlari himoya qilinib, 963 nafarining huquqi tiklangan bo‘lsa, 188 ta holatda boshqa davlat organlari tomonidan faoliyatga noqonuniy aralashuv va tekshiruvlarning oldi olingan.