“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etiladi

Joriy yil 7 aprelda “Ma’muriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ku‌ra “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etilishi ma’lum qilindi. Bunda, stipendiya miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanishi rejalashtirilgan.
Mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga Prezidentning tegishli qarorida belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, olimpiya va paralimpiya sport turlari (yosh toifalari) bo‘yicha jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlarni Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish miqdorlari tasdiqlandi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga Prezident Administrasiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasiga idoraviy mansub bo‘lgan tibbiyot muassasalarida umrbod bepul tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi beriladi.