Davlat rahbarining 2021-yil 20-oktabrdagi PF–6084-son Farmoniga ko‘ra talabalar o‘rtasida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha Xalqaro fan olimpiadasini har yili o‘tkazish belgilangan.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xorijiy va mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan bakalavr bosqichi talabalari o‘rtasida ilk marotaba Xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi Xalqaro olimpiadaga 10 ga yaqin davlatdan 45 nafar chet ellik talabgordan arizalar kelib tushdi. Jumladan, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Yaponiyadagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan va o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar ishtirok etmoqda.
Uning g‘oliblari 2 tur natijalari bo‘yicha aniqlanadi:
1-tur – yozma ijodiy ish tayyorlash (eng yuqori ball – 50 ball. Topshiriqni bajarish uchun 1 soat vaqt ajratiladi).
2-tur – og‘zaki suhbat (tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan mavzular bo‘yicha savol-javob tarzda og‘zaki o‘tkaziladi. Topshiriqqa tayyorlanish uchun har bir talabgorga 20 daqiqa ajratiladi. Eng yuqori ball – 50 ball).