Oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya grantlari soni 750 taga yetdi.

Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Rossiya va Oʻzbekiston ikkinchi taʼlim forumida xabar berdi.

16–17-noyabr kunlari Rossiya rektorlar ittifoqining tashkiliy ko‘magida M.V. Lomonosov nomidagi MDU bazasida Ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi va unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirok etdi.

Forum yakuniga koʻra, yaqinlashib kelayotgan 2022–2023-oʻquv yilida Rossiya oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy oʻquv yurtlarida bepul taʼlim olish kvotalari sonini 750 taga oshirilishi toʻgʻrisida qaror qilindi va bu 2018-yilga nisbatan 3 baravar koʻp koʻrsatkich hisoblanadi.

“Soʻnggi uch yil mobaynida Rossiya Oʻzbekiston fuqarolariga Rossiya oliy oʻquv yurtlarida federal byudjet hisobidan taʼlim olishlari uchun ajratiladigan grant oʻrinlari sonini bosqichma-bosqich oshirib kelmoqda”, – dedi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri.

Rossiya universitetlarining ulkan ilmiy salohiyati o‘zbekistonlik talabalarga muhandislik, tibbiyot va gumanitar yo‘nalishlar boʻyicha keng qamrovli tahsil olish, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.

Shuningdek, vazir ayni paytda mamlakatimizda Rossiyaning 15 ta yetakchi oliy o‘quv yurtlarining filiallari faoliyat ko‘rsatayotganini, ulardan 12 tasi so‘nggi uch yil ichida ochilganini ta’kidladi.