Oʻzbekiston Milliy universiteti dunyodagi eng yaxshi 500 ta matematika universitetlari qatoriga kirdi

6-aprel kuni Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi jahon universitetlarining «Ilmiy reytingi» natijalarini e’lon qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fanidan dunyoning 500 ta eng yaxshi universitetlari qatoridan joy oldi (451-500 o‘rin).

«O‘zbekiston Milliy universiteti olimlari tomonidan Scopusʼda indekslangan maqolalar soni, ulardagi iqtiboslarning yuqori darajasi, universitetning jahon matematiklari orasidagi yuksak akademik obro‘si xalqaro reytinglarda e’tirof etildi», — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi muassasasi bayonotida deyiladi.

Ma’lumot oʻrnida, Quacquarelli Symondsʼning matematika bo‘yicha eng yaxshi 5 talik reytingi quyidagicha:

  1. Massachusets texnologiya instituti (AQSh)
  2. Stenford universiteti (AQSh)
  3. Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya)
  4. Garvard (AQSh)
  5. Kaliforniya (AQSh)