Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov: “Darsliklarni yozishni 3 yilga cho’zishimiz, jamiyat rivojlanishini 3 yilga kechiktirish degani”

Yangi tayinlangan Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Respublika taʼlim markaziga tashrif buyurdi va markaz faoliyati bilan tanishdi. Markaz tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim mazmunini oʻzgartirish jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi. 

Vazir darsliklarning yaratilish jarayoni haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirar ekan: “Yangi avlod darsliklarini tayyorlash jarayonini yanada tezlashtirishimiz kerak,“ — dedi. “11-sinfgacha boʻlgan darsliklarni yozishni 3 yilga cho’zishimiz, jamiyat rivojlanishini 3 yilga kechiktirish degani”, — deya taʼkidladi.

Uchrashuvda shuningdek, taʼlim mazmunini xalqaro darajaga ko’tarish, yoshlarni taʼlim olishga koʻproq ragʻbatlantirish, dars berishning innovatsion usullaridan foydalanish, vizual kontentni rivojlantirishimiz kerakligi haqida soʻz bordi. Vazir innovatsiyalar yaxshi, texnologilar yaxshi, lekin qishloq joyda qanchalik foydalana oladi degan savolni koʻndalang qoʻydi va ularni chekka hududlarga yetib borishini ham taʼminlashga alohida urgʻu berdi.

 «Ta’limdagi har qanday islohot va yangilikka qishloqlarimizdagi o’qituvchi nigohi bilan qarashimiz shart”, — dedi Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov.