Endi o‘zbekistonlik arab tili o‘qituvchilari O‘mon Sultonligida har yili malaka oshiradilar

26–27-iyun kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O‘mon Sultonligida bo‘lib, O‘mon Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri bilan ikki tomonlama uchrashuvlarda ishtirok etdi.Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy saytida habar berdi.
Ularda O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi savdo va iqtisodiyot, yashil energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologiya, mintaqaviy hamda global masalalar qatorida ta’lim, kadrlar salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, safar davomida vazir o‘rinbosari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbarlari hamrohligida O‘mon Sultonligi universitetlari hamda hamkor ilmiy tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qator kelishuvlarga erishdi.
Xususan, O‘mon Sultonligi Oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sayf bin Abdulloh al-Hudabiy bilan vazirliklar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolashga kelishib olindi. Bunda, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ilmiy anjumanlarni tashkil qilish, talaba va o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, innovatsion texnoparkalar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, tibbiyot, sun’iy intellekt, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish ko‘zda tutildi.
O‘mon Sultonining Devoni huzuridagi Sulton Qobus nomli Madaniyat va ta’lim oliy markazi raisi Habib ar-Rayamiy bilan 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab har yili kamida 20 nafar o‘zbekistonlik arab tili o‘qituvchilariga malaka oshirish kurslariga grantlar ajratilishi, arab tilini masofaviy o‘qitish bo‘yicha elektron platformadan bepul foydalanish va u yerga o‘zbekistonlik olimlarning o‘quv va ilmiy ishlarini yuklash, aniq va tabiiy fanlar, tarix, sanat, muhandislik, adabiyot va sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi mutaxassislarni Markazga ma’ruzalar o‘qishga jalb etishga kelishildi.
Sulton Qobus universiteti bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetlari o‘rtasida qo‘shma ta’limni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalarning akademik almashinuvini tashkil qilish, hammualliflikda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, lug‘atlar tayyorlash, tarjimashunoslik va qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishga kelishildi.
“Atyab Food Tech Investment” kompaniyasi bilan Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalarni malaka oshirish kurslariga yuborish, oziq-ovqatni qayta ishlash sanoati vakillari va sohaga aloqador manfaatdor tomonlar bilan qisqa muddatli o‘quv dasturlari, treninglar o‘tkazish uchun tarmoqda sanoat hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi.