Dxx sintetik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi talabalarni ushladi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirda internet orqali sintetik giyohvandlik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.

Ma’lum bo‘lishicha, xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan holat bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazilgan. Unda poytaxtda ijaraga olingan 3 ta xonadonda “mefedron” sintetik narkotik moddasini yashirin laboratoriya sharoitida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani aniqlangan.

Qolaversa, tadbirda uylarda umumiy 892 gramm “mefedron”, 45 gramm “alfa-PVP” sintetik narkotik moddalari, xom-ashyo sifatida foydalaniladigan 360 litrdan ortiq zaharli kimyoviy moddalar va prekursorlar hamda zarur asbob-uskunalar rasmiylashtirib olingan. Bundan tashqari, ulardan noqonuniy yo‘llar bilan bitkoin kriptovalyutasida jamg‘arilgan 113 770 dollari ham musodara qilingan.

Ta’kidlanishicha, 1992–2000 yillar oralig‘ida tug‘ilgan guruh a’zolarining 3 nafari Toshkentdagi va xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.