Ayol-qizlarni ko‘cha bezoriligidan himoya qilishga qaratilgan loyiha ishga tushdi

«Umidani chaqiring» (CallUmida)

Toshkent shahrida «Umidani chaqiring» ijtimoiy loyihasi ishga tushdi. Loyiha xotin-qizlarga ko‘chalardagi va jamoat joylaridagi shilqimlik, ta’qib va zo‘ravonlikdan vaqtinchalik xavfsiz joy topish imkonini yaratish maqsadida amalga oshirildi.

Ko‘chadagi shilqimlik – bu global illat bo‘lib, undan butun dunyo ayol-qizlari aziyat chekmoqda.

Loyihasning tashabbuskori – BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi. Ushbu loyiha xususiy sektor bilan hamkorlikda ishlaydi. O’zbekistonning taniqli brednlari: Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i, Testo by Zamira & Co., YaponaMama, Caravan Group restoranlar tarmog‘i, Steam Bar, Turka Saray, GroundZero kovorking markazlari, CyberArena kompyuter klubi, Asklepiy Group dorixonalar tarmog‘i, TEAMS universiteti va IT Park ushbu loyihaga qo‘shilgan.

«CallUmida» (Umidani chaqiring) maxsus stikerlari yuqoridagi tadbirkorlik sub’yektlarining binolariga yopishtirib chiqiladi va bu ta’qibga uchragan qizlar shu yerda o‘zlarini xavfsiz his qilishlari mumkinligini anglatadi.

Tashabbus huquqiy, psixologik yoki moddiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutmaydi. Qizlar va ayollar o‘z ta’qibchilaridan yashirinib, vaqtinchalik boshpanada o‘ziga kelib olishi mumkin. Loyiha bo‘yicha hamkor tashkilotlar xodimlari tazyiq ostida qolganlarga qarindoshlari, do‘stlari bilan bog‘lanishda yoki zarur holatda huquqni muhofaza qilish organlariga qo‘ng‘iroq qilishda yordam ko‘rsatadi.

Qator davlatlarda ushbu loyihaning muqobil variantlarini uchratish mumkin:

«Ask For Angela» (Anjelani chaqiring) – Buyuk Britaniya;

«Ist Luisa hier?» (Luiza shu yerdami?) – Germaniya;

«Позовите Галю!» (Galyani chaqiring!) – Rossiya;

«Позовите Кантай!» (Kantayni chaqiring!) – Qirg‘iziston

«Umidani chaqiring» loyihasi O‘zbekistondagi ayol-qizlarni ko’cha bezoriligidan himoya qilishga qaratilgan. Xavfsizlik makonlarining joylashuvi va tashabbus to‘g‘risidagi batafsil maʼlumot bilan callumida.uz veb-sayti orqali tanishishingiz mumkin.