Amerikaning yetakchi universitetlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

7-dekabr Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov AQSHning American Councils for International Education prezidenti Devid Pettonni qabul qildi.

Ochiq va samimiy muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning muhim jabhalari muhokama qilindi.Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari bir qator xorijiy tillar, jumladan ingliz tilini chuqur oʻrganayotgani, bunga katta ehtiyoj mavjudligi haqida soʻz borib, birgina “ACCESS” loyihasi doirasida 10 ta oliy taʼlim maskani negizida ingliz tilini oʻrgatish uchun moʻljallangan markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Shu o‘rinda, nafaqat tilshunoslar tayyorlash, balki texnika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishlari mutaxassislariga ham ingliz tilini chuqur oʻrgatish borasida turli loyihalarni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

Suhbat davomida, shuningdek, professor-oʻqituvchilarning oʻzaro almashinuvi, stajirovka oʻtash, ikki mamlakat universitetlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlashga xizmat qiladigan loyihalarni yoʻlga qoʻyish borasida ham fikr almashildi.