18 ming 800 o‘rinli 47 ta talabalar turar joyi barpo etish rejalashtirilgan

Joriy o‘quv yilidan Toshkent davlat texnika universiteti, Farg‘ona politexnika va Namangan muhandislik-texnologiyalar institutlarida Rossiya Federasiyasi va Belarus Respublikasi bilan elektrotexnika sohasi uchun kadrlarni dual ta’limga asoslangan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishi uchun maqsadli dasturni ishlab chiqish, bunda 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini ushbu xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. QS ning Osiyo davlatlari universitetlarining 2023 yilgi reytingida yurtimizning 8 ta oliy ta’lim muassasasi munosib o‘rin egalladi. 2 ta universitet  kuchli 500 talikdan joy oldi.

Kelgusida davlat-xususiy sheriklik asosida 18 ming 800 o‘rinli 47 ta talabalar turar joyi barpo etish rejalashtirilgan. Joriy yilda jami 30 ming 956 o‘rinli 60 ta loyiha, shundan, davlat-xususiy sheriklik asosida 20 ming  866 o‘rinli, oliygoh va byudjet mablag‘lari hisobidan 2 ming 800 o‘rinli, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan 4 ming 640 o‘rinli hamda investisiya dasturi doirasida 2 ming 650 o‘rinli yotoqxona barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar 13 ming 24 o‘rinli 26 tasi foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan “Tashkent indeks” majmuasida 3 ming o‘rinli talabalar turar joylari tashkil etildi.