Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurti va yirik ilmiy markaz. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga qaraydi. Toshkent shahrida joylashgan. 1992-yil 23-sentabrda tashkil etilgan. Tarkibida xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar fakultetlari, 25 kafedra, til markazi (jahon tillari, fransuz tili, nemis tili, oʻzbek tili kafedralari bilan), kompyuter; testlar; «Maʼnaviyat va maʼrifat» markazlari; boshqaruv instituti; tahrir va nashriyot boʻlimi; «Biznes olami» va «Ziyokor» oʻquv markazlari, «Internet» klubi va yuridik klinika faoliyat yuritadi. Jahon iqtisodiyoti, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq sohalari, siyosiy va ijtimoiy muammolar, diplomatiya va boshqa ixtisosliklar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi. Universitet ilmiy kutubxonaga ega (300 ming asar). Universitetda oʻquv ishlariga xorijiy mamlakatlardan professorlar, amaliyotchi mutaxassislar taklif qilinadi, zamonaviy kompyuter texnologiyasidan keng foydalaniladi. Universitetda BMT, UNESCO, TASISning Toshkentdagi vakolatxonasi xodimlari, xorijiy davlat arboblari, diplomatlari, Oʻzbekistondagi chet mamlakatlar elchixonalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkaziladi. Oʻquv qoʻllanmalari, dasturlar, ilmiy va uslubiy qoʻllanmalar chop etadi, «Xalqaro munosabatlar» jurnali nashr etiladi.