Xakimova Dilshoda

  • 19 yosh
  • Bakalavr
  • Tarjimon
  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
  • 7 tilda so‘zlasha oladi
NIMA BILAN SHUG‘ULLANADI?

Dilshoda xorijiy tillarni bilgani uchun o‘zbek adabiyoti asarlari, shuningdek, o‘z ijodini ingliz, rus, nemis, turk, fransuz, arab tillariga tarjima qiladi. Xalqaro, respublika fan olimpiadalarida, tanlovlarda faol ishtirok etib, ko‘pida g‘olib bo‘lgan. Sheʼr, hikoyalar yozadi, kitoblari nashrdan chiqqan. Ilmiy, adabiy bepul to‘garaklarining rahbari. Ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalari respublika, xalqaro nashrlarda chiqmoqda. Iste’dodi, erishgan yutuqlari tufayli jamiyat va davlat boshqaruvidagi faol ayollar Top-50 taligiga kiritilgan. Qozog‘iston Respublikasi “Mohir tarjimon” medali, xalqaro “Yilning eng yosh olimi-2021” tanlovida filologiya yo‘nalishi g‘olibasi, atoqli adiblar nomiga taʼsis etilgan Aleksandr Faynberg stipendiati.

TARJIMON BO‘LISHGA QANDAY QAROR QILGAN?

Uning bu sohani tanlaganligi sababi – yurtimizda bebaho asarlar salmog‘i juda keng, lekin adabiyotimiz mag‘zi, ruhiyatini dunyo xalqlariga yetkazib berishda tarjima asosiy rol o‘ynashi bilan bog‘liq. Xorijiy asarlar va o‘zbek durdonalarini tarjima qilishi xalqlar aro ko‘prik vazifasini bajaradi. Xorijiy tillar va ijodini uyg‘unlashtirgan holda “Yosh tarjimonlar” adabiy, “Biz poliglotmiz!” ilmiy to‘garaklarida maktab o‘quvchilariga bepul dars o‘tadi. Volontyorlik ishlari orqali o‘z yo‘lini topa olmagan, uyushmagan yoshlar bilan davra suhbati tashkillashtiradi, bolalar uyida do‘stlari bilan madaniy tadbirlar o‘tkazadi.

QANDAY QIYINCHILIKLARGA UCHRAGAN?

Tunlarni uyqusiz o‘tkazib, dangasalikni yengan. Faoliyati davomida, avvalo, o‘zining kuchiga ishongan. Xorijiy tillarni o‘rganishda vaqt muammosiga duch kelgan: boshqa tashkiliy ishlar, maktab fanlaridan ortib, vaqt topish qiyin bo‘lgan. Yurtimizda birinchi marotaba o‘tkazilgan O‘zbekiston Yoshlar forumi – 2020 da yoshlardan vakil sifatida davlat rahbari va boshqa masʼullar bilan bir safda, prezidiumda o‘tirib, o‘z taklifi bilan qatnashishi davomida 7 ta tilda nutq so‘zlagan, Prezident va tashkilot rahbarlari olqishiga sazovor bo‘lib, shundan buyon butun Respublika va xalq orasida “poliglot” nomi bilan tanilgan.

KELAJAKDAGI MAQSADLARI

Uning bo‘lg‘usi maqsadlari – hozirgi kunda xorijiy tillarni puxta egallab, tarjima sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shish. Texnologiyalar asrida qobiliyatini kompyuter texnologiyalari ilmi bilan uyg‘unlashtirib, bir tugma orqali o‘zbek adabiyotiga kirish, boy maʼnaviy merosimizdan mobil ilovalar orqali bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratish.

Eng ko‘p ortiqcha baho berilgan narsalar?
Odamlarning gap-so‘zlari

Past baho berilganlar-chi?
Ishonch

Do‘stlaringiz sizga qanday ta’rif bergan bo‘lishardi?
Mas’uliyatli, ishonchli va ajoyib tinglovchi

Hayotdagi shioringiz qanday?
Hozir yoki hech qachon!

Instagram sahifasi: @dil.xak