2024-yilda bitiruvchilarning yarmidan ko‘prog‘i ishga joylashtirildi

Ishsizlik mamlakat taraqqiyotiga ham farovon turmushga ham eng katta raxna soluvchi omil. Achinarlisi, qo‘lida diplom bo‘la turib, 4-6 yillab oliygohga o‘qish uchun vaqt sarflagan yosh kadrlar ishsiz bo‘lsa, bundan yomoni bormi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-2024- o‘quv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchilarning 41 foizi, ya’ni 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida qabul qilingani aniqlangan. Qolgan 59 foizi, 126 ming nafar bitiruvchi hali ish topmagani ma’lum bo‘lgan edi.

Dastlab nega oliy ma’lumotli ishsizlar yoki haydovchilar soni ortayotgani haqida fikr yuritsak

Oliy ma’lumotli yoshlar ishsizligi sabablari quyidagi omillarga borib taqaladi

1.     Ish o‘rinlari yetishmasligi: O‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topish qiyin.

2.     Ta’lim sifati pastligi: Oliy ta’lim muassasalarida amaliy ko‘nikmalar yetarli emas.

3.     Mehnat bozoriga mos kelmaslik: Ta’lim tizimi ish beruvchilar talablariga javob bermaydi.

4.     Ish haqi pastligi: Yosh mutaxassislar uchun taklif etilayotgan ish haqi yetarli emas.

5.     Tadbirkorlik uchun to‘siqlar: Yoshlarga o‘z biznesini boshlash qiyin.

6.     Chet elga ishlash tendensiyasi: Yaxshiroq moddiy ta’minot uchun chet elga ketishga harakat qilish.

7.     Faollikning pastligi: Ko‘p talabalar o‘z-o‘zini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor bermaydi.

 Nega oliy ma’lumotli yoshlar ishsiz, yoki haydovchilik qilishmoqda?

Mutaxassislarning aytishicha, aynan O‘zbekistonda oliy ma’lumotli yoshlarning ishsizligi, yoki “taksistlik” qilishi, ba’zilarini chet elga ketishi holatini quyidagi omillarga bog‘lash mumkin:

O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tish davrini boshdan kechirmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratilishining sekinlashuviga olib keladi, ayniqsa, oliy ma’lumot talab qiladigan sohalarda. O‘zbekistonda davlat sektori katta rol o‘ynaydi. Bu xususiy sektorning rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi va ish o‘rinlari yaratilishini cheklaydi.

Tanish-bilishchilikning kuchi: Ishga joylashishda tanish-bilishchilik muhim rol o‘ynaydi, bu esa yosh mutaxassislar uchun adolatli raqobatni qiyinlashtiradi.

Ta’lim sifatining pastligi, O‘zbekistonda ta’lim sifati hali ham yuksak emas. Bu xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar yetishmasligiga olib keladi.

Yoshlar sonining ko‘pligi: O‘zbekistonda yoshlar soni juda ko‘p va ularni ish bilan ta’minlash qiyin vazifa.

2024-yilda qancha bitiruvchilar ish bilan ta’minlandi?

Tizimda muammolarni bartaraf etish, yoshlar bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2024-yil dekabr holatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim bitiruvchilarining yarmidan ko‘prog‘i ish bilan ta’minlangan. Ushbu ko‘rsatkichlar yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash va samarali monitoring tizimi natijasidir.

Oliy va professional ta’lim bitiruvchilarining bandligi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning dekabr oyida:

 • 194 417 nafar oliy ta’lim bitiruvchisidan 113 856 nafari (58,6%) ish bilan ta’minlandi.

 • 147 900 nafar professional ta’lim bitiruvchisining 74 403 nafari (50,3%) bandligi ta’minlandi.

 • Maktab bitiruvchilaridan 228 422 nafari ishga joylashtirilgan.

 Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarning bandligi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab mehnat bozoriga qaytayotgan yoshlarning bandligi ham diqqat markazida. 2024-yilda 24 545 nafar yosh xizmatni tugatgan bo‘lib, ulardan:

 • 17 787 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi;

 • 1 279 nafari harbiy qismlarda xizmatini davom ettirmoqda;

• 2 047 nafari oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.

Ushbu raqamlar juda yaxshi ko‘rsatkich, ammo faqat qog‘ozlarda bo‘lmasagina, boisi biz bitiruvchilarning ishsizligi bilan bog‘liq mavzuda avval ham maqola yozgan edik va ana shunday ishsiz yoshlar bilan suhbat ham qilgan edik. Bu yoshlar bilan bog‘langanimizda ular hali ham ishsiz ekanini aytishdi. Demak vazirlik shuncha yoshlarni ish bilan ta’minlabdi ammo aynan biz suhbatlashgan yoshlar qolib ketibdi ham dermiz. Qog ‘ozdagi raqamlar faqat qog‘ozda emasligiga kim kafolat beradi?

 Akbarali Ochildiyev

“2008-yili Toshkent Iqtisodiyot universitetini tamomladim. Bankda ishlash uchun Markaziy bank va uning hududlardagi filiallariga murojaat qilganman va onlayn hujjat ham topshirganman. So‘nggi bor ijtimoiy tarmoq orqali ish izladim. Banklardagi vakansiyalarga bir emas 4-5 ta bo‘sh ish o‘rinlari uchun hujjat topshirdim. Ammo doimgidek natija yo‘q. Men esa oliy ma’lumotli shofyor bo‘lib yuribman. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2024-yil oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim bitiruvchilarining yarmidan ko‘prog‘ini ishga joylashtirildi degan ma’lumotni men ham o‘qidim. Mendek qancha yoshlar bor, bu faqat qog‘ozda “

Abbos Toshmuhammedov

“Belarusiya Milliy Texnika universitetini tamomlaganman, O‘zbekistonda ish topolmadim, bugun “dostavshik” man.

Tan olish kerakki, yuzlab oliy ma’lumotli, ziyoli yoshlarning ko‘pchiligi “tanka”si yo‘qligi sababli nufuzli kompaniya va tashkilotlarga ishga kira olishmayapti, bu haqiqat. Bir necha tashkilotlarga murojaat qilganimda “tankam “yo‘qligi uchun ishga olishmagan.”

Ha, bu kabi yoshlarning intervyularini ko‘plab keltirishimiz mumkin. Demak, Oliy  Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2024-yil dekabr holatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim bitiruvchilarining yarmidan ko‘prog‘i ish bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, hali bu yetarli  emas. Bu borada qilinadigan ishlar ko‘p.

Bu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar:

Ta’lim tizimini isloh qilish: Bu jarayon boshlangan va bugunga kelib qator samarali ishlar olib borilmoqda. Samaradorligini yanada jadallashtirish lozim va o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ularni zamonaviy metodika va texnologiyalarga o‘rgatish.

Mehnat bozori talabini muntazam ravishda tahlil qilib borish va ta’lim tizimini unga moslashtirish talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘qitish, zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish. Innovatsion va yuqori texnologik sohalarni rivojlantirishga e’tibor qaratish.

Kasb o‘rgatish markazlarini ko‘paytirish va ularni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash, ishsiz yoshlarga bepul kasb o‘rganish imkoniyatini yaratish.

Ishsizlarni qayta o‘qitish va ularni mehnat bozoriga mos kasblarga tayyorlash.

Ushbu takliflar O‘zbekistonda oliy ma’lumotli yoshlarning ishsizligi muammosini bartaraf etishga yordam beradi.