Oliy ta’lim tizimidagi yutuq va kamchilliklar
2024-yil – O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun ham, talabalarimiz uchun ham o‘zgarishlarga boy, dinamik o‘sish yili bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmas. Bu yil tizimda qanday yutuqlarga erishildi va qaysi muammolar uchradi? Maqolada 2024 yilning ta’lim maydonidagi yutuqlar bilan birgalikda kamchiliklarni ham tahlil qilamiz.
Oliy ta’limda son jihatidan yaxshi ko‘rsatkich qayd etildi, sifat-chi?
2024-yilda oliy ta’lim muassasalari sonining 208 taga, talabalar sonining esa 1,4 millionga yetishi – bu ta’lim tizimimizda sezilarli miqdoriy o‘sishni ko‘rsatadi. Lekin, savol tug‘iladi: bu o‘sish sifatga ham ta’sir qildimi? Bu shunchaki raqamlarda o‘sishimi yoki sifat jihatidan ham o‘sishmi? Raqamlardagi yuksalish yaxshi albatta, lekin ta’limda sifat o‘ta muhim.
O‘sish va rivojlanish: O‘tgan yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi sezilarli o‘sish ko‘rsatdi. Yangi universitetlar ochildi, infrastrukturani rivojlantirishga ko‘p e’tibor qaratildi va yangi o‘qitish usullari joriy qilinmoqda. Bu muhim o‘zgarishlar bo‘lsa-da, sifati hamma joyda bir xil emas.
Xalqaro hamkorlik: O‘zbek universitetlari xorijiy oliy o‘quv yurtlari va tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bu xorijiy tajribani o‘zlashtirish va sifati oshirishga yordam beradi.
Talabalarning tanlovlari ko‘paydi: Talabalar uchun turli ixtisoslik va magistratura yo‘nalishlari ko‘paydi.
Ammo O‘zbekistondagi universitetlar orasida sifat jihatidan katta farq mavjud. Ba’zi universitetlar rivojlangan va zamonaviy o‘qitish usullariga ega bo‘lsa, boshqalarida bu jihatdan muammolar mavjud. Masalan;
O‘qituvchilar malakasi: O‘qituvchilarning malaka darajasi va zamonaviy o‘qitish usullarini o‘zlashtirish darajasi muhim omil. Bu jihatdan hamma joyda bir xil emas.
Tadqiqot faoliyatining rivojlanmaganligi: Ba’zi universitetlar tadqiqot ishlariga muhim e’tibor berishmaydi, bu ularning ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirish darajasiga ta’sir qiladi.
Talabalar uchun resurslarning yetarli emasligi: Barcha talabalar uchun zamonaviy darsliklar, kutubxonalar, laboratoriyalar va boshqa resurslarning etishmasligi (ba’zi universitetlarda moddiy texnik bazasi talabga javob bermaydi).
Ilmiy ishlarni nashr qilishdagi qiyinchiliklar: Ilmiy maqolalar nashr etishning odatiy jarayoni hali ham ba’zi muammolarga duch keladi.
Umuman olganda, yurtimizda oliy ta’lim sifati turli yo‘nalishlar va universitetlarda farq qiladi. Davlat tomonidan oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan siyosat va investitsiyalarni ko‘payishi orqali sifatni yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Biroq, o‘qituvchilar malakasi, tadqiqot faoliyati, resurslarning yetishmasligi kabi muammolar hali ham davom etmoqda va bu ta’lim sifati yetarli emasligini ko‘rsatadi.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun ko‘proq investitsiyalar, professional rivojlanish, xorijiy tajribani o‘zlashtirish va resurslarni taqsimlash bo‘yicha yaxshilanishlar zarur.
Joriy yilda bakalavriat yo‘nalishlarining 40% gacha optimallashtirilishi, bir tomondan ta’lim jarayonini maqbullashtirishga urinishdek ko‘rinsa, boshqa tomondan bu talabalarning tanlov imkoniyatlarini cheklashga olib kelishi mumkin. 183 ta yo‘nalish va 546 ta mutaxassislik bo‘yicha malaka talablarining tasdiqlanishi, shuningdek, 1278 ta o‘quv rejasi va 4000 tadan ortiq o‘quv dasturining yangi standartlarga moslashtirilishi bo‘ldi. Lekin, talabalar amaliyotga tayyormi? Optimallashtirish talabalarning individual ehtiyojlari va qiziqishlarini cheklab qo‘ymadimi?
Optimallashtirishning ijobiy tomonlari bilan birga, talabalarning tanlov imkoniyatlarining cheklanishi, amaliyotga tayyorlik kabi individual ehtiyojlarning inobatga olinmasligi kabi muammolar ham mavjud.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun quyidagilar taklif etiladi:
Talabalarning fikrini hisobga olish: O’quv dasturlarini ishlab chiqishda va o’zgarishlarni amalga oshirishda talabalarning fikrini hisobga olish.
Amaliyotni kuchaytirish: O’quv dasturlariga stajirovkalar, amaliy mashg’ulotlar va loyihalarni ko’paytirish.
Zamonaviy o’qitish usullaridan foydalanish: Interaktiv darslar, o’quv o’yinlari va boshqa zamonaviy o’qitish usullarini joriy qilish.
O’qituvchilarni qo’llab-quvvatlash: O’qituvchilarning malakasini oshirish va ularni zamonaviy o’qitish usullarini o’rganishga rag’batlantirish.
Individual yondashuv: Talabalarning individual ehtiyojlarini hisobga oladigan moslashuvchan ta’lim tizimini yaratish.Shundagina bu borada katta yutuqlarga erishish mumkin.
Xalqaro hamkorlik:
2024 yilda xalqaro hamkorlik, shak-shubhasiz, O’zbekiston ta’lim tizimida sezilarli darajada rivojlandi. 39 ta dasturning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi, Top-500 oliygohlar bilan 15 ta qo‘shma dasturning tashkil etilishi – bu biz uchun sharaf. “QS” reytingida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va O‘zbekiston Milliy universitetining TOP-1000 talikdan joy olishi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Times Higher Education” reytingida o’z o’rniga ega bo’lishi – biz uchun katta yutuq.
Kadrlar tayyorlash:
4970 nafar professor-o‘qituvchining xorijda malaka oshirgani, 2510 nafar xorijiy mutaxassisning yurtimizga jalb etilgani muhim qadam. Kasbiy ta’lim tizimi orqali 169 195 nafar yoshlarning qamrab olinishi, 14 673 nafar ishsiz fuqarolarning kasbga o‘qitilishi – bu yaxshi ko’rsatkich.
Ilm-fan:
161,5 milliard so‘m miqdoridagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, 291 ta loyihaning amalga oshirilishi – bu bizning ilm-fanimiz uchun katta yordam. Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida 277 nafar olimning xorijga yuborilishi – kelajakka katta sarmoya.
Oliygohlarda 27 364 ta o‘rinli yangi talabalar turar joylari va 10 500 ta o‘rinli o‘quv binolari qurilib, foydalanishga topshirilishi – muhim tashabbus boʻldi.
Talabalarda qanday muammolar uchradi?
Bu borada talabalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilganda, talabalar moliyaviy, ishsizlik va psixologik jihatdan muammolarga duch kelayotganini qayd etishgan.
So‘rovnomalar tahlili 2024-yil talabalar uchun imkoniyatlarga boy yil bo‘lishi bilan birga, qiyinchiliklar ham bo’lganini ko’rsatadi. Ularni koʻpchiligi o’z kelajagidan xavotirda, o’qishni tamomlagach ish topa olmaslikdan qo’rqishadi.
Xulosa:
2024-yil o‘zgarishlar, yutuqlar va sinovlar yili bo’ldi. Oliy ta’lim tizimida ko’plab ijobiy o’zgarishlar yuz berdi.
Uchragan muammolarni bartaraf qilish uchun esa «Avlod media»ning bir necha takliflari bor.
Takliflar:
Ta’lim sifatini oshirish uchun o‘quv dasturlarini amaliyotga yaqinlashtirish va ish bozoridagi talablarga moslashtirish.
Oliy ta’limda talabalarning tanlov imkoniyatlarini kengaytirish.
Talabalarni moliyaviy va psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish.
Oliy ta’lim tizimida ochiqlik, shaffoflik va hisobotdorlikni ta’minlash.
Talabalarning fikrini o’rganish, takliflarini inobatga olish va faol ishtirokini ta’minlash.
Xotima: Umuman olganda,
2024-yil oliy taʼlim tizimida dinamik oʻsish kuzatildi, talabalar uchun ko‘plab imkoniyatlar yili bo’ldi.
Aziz talabalar! Tizimda kattami, kichik muammo bor ekan, biz shunchaki o’quvchi emas, balki o’zgarishlarning faol ishtirokchilari bo’lishimiz kerak! Bu jarayonda esa oʻz bilim va salohiyatimizni ishga sola bilishimiz, yurt koriga yaraydigan kadr boʻlishimiz lozim.