18 yoshda sevib va o‘z xohishiga ko‘ra turmushga chiqish nima degani?

“To‘ydan keyin hayot qanday o‘zgaradi, oilaviy munosabatlarga yosh o‘rtasidagi farq ta’sir qiladimi va bunday erta nikohning qanday afzalliklari bor?” — bu haqida rafiqa bo‘lganiga bir yildan oshgan, 19 yoshli Sevara Mansurova bilan suhbatlashamiz.

Tanishuv

Turmush o‘rtog‘im bilan 16 yoshimda ish yuzasidan tanishganmiz. U meni balog‘at yoshiga yetgan deb o‘ylab, menga e’tibor ko‘rsata boshladi. U haligacha mening asl yoshimni bilganida, xayolidan barcha jinoiy moddalar o‘tganini aytib kuladi.

Dil izhori va qo‘limni so‘rash

Tanishganimizga 2 yil bo‘lgach, u mening qo‘limni so‘radi. Men doimo unga ishonardim va aynan u bilan oila qurishni xohlayotganimni his qilardim.

Lekin men g‘iybatlardan, aniqrog‘i, bizning mentalitetimizdan qo‘rqardim. To‘ydan oldin kuyov kelinga o‘qishini davom ettirishi uchun ruxsat berishini vada qilib, to‘ydan keyin taqiqlab qo‘ygani haqidagi voqealarni tez-tez eshitganman.

“To‘ydan keyin u ham ko‘pchilik singari o‘zgaradi”, – deb qo‘rqardim. Turmush qurishga tayyor emasligimning asosiy sababi ham shu edi. Bu holat bizning mentalitet mavjud bo‘lmagan chet elda sodir bo‘lganda edi, men u bilan oila qurish uchun uchib ketgan bo‘lardim.

Shubhalarim sababli marosimni iloji boricha kechiktirib yurdim. Yosh bo‘la turib erta turmushga chiqishni xohlamaganim uchun asabiylashib jazavaga tushgan paytlarimni eslayman.

Keyin turmush o‘rtog‘im bu u uchun muhim ekanligini aytdi. Shunda to‘y sanasini yana kechiktirsam, “u endi meni xohlamayapti” deb o‘ylashi aniq bo‘ldi. Axir u 8 yosh katta, 18 yoshli qizning dunyoqarashini tushunmaydi. Natijada, men nikohga rozi bo‘ldim, chunki bu munosabatlarni saqlab qolishni istardim.

To‘yga bir hafta qolganda, “nega bunga rozi bo‘ldim” degan yagona savol xayolimda aylana boshladi. Javobni esa faqat to‘ydan keyin oldim.

Endi ortga nazar tashlasam, bu mening eng yaxshi qarorim ekanligini tushundim.

Ota-onalar bilan tanishuv

U o‘z niyatlari haqida ota-onamga 17 yoshga to‘lgan kunim, tug‘ilgan kunimda aytdi. Ular rozi edilar, chunki u boshidan o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatardi: men bilan xushmuomalalik bilan muloqot qilar, ota-onamga hurmat ko‘rsatar, doimo meni qo‘llab-quvvatlab, quvonch keltiradigan ishlar qilardi.

To‘y bilan ota-onalar bizni shoshiltirishmadi. Bundan tashqari, ular: “biz yana 5-7 yil uchrashib yuramiz”, – deb o‘ylashdi, chunki ular men uchun hali erta deb hisoblashardi. Oxir-oqibat ular mening bu qarorimga rozi bo‘lishdi: “hayot – seniki, faqat o‘zing nima qilishni hal qilasan”, – deyishdi.

To‘ydan keyingi munosabatlar

Birgalikda yashashga ko‘nikishim juda qiyin bo‘ldi. Menimcha, har bir qiz bunga duch keladi. Siz butun umr yolg‘iz yashadingiz va uxladingiz, endi esa yoningizda qandaydir bir erkak bor. Muhit butunlay boshqacha. Siz har doim ham uyingizdagidek hazillarni qila olmaysiz yoki, masalan, kiyimingizni kir savatiga tashlaysiz, u yerda esa boshqalarning ham narsalari bor. Bu, albatta, mayda-chuydalar, lekin bularga ko‘nikish men uchun oson emas edi. Ehtimol, yoshim kattaroq bo‘lganida, balki menda bunday psixologik stress bo‘lmas edi.

Men unga moslashishim kerak emas, borimcha qolishim kerak edi

Men har doim u uchun mukammal bo‘lishga harakat qildim. To‘ydan keyin ham o‘z ishlarimni davom ettirdim, lekin bu uzoqqa bormadi. Haftada bir bor uchrashganingizda – mukammal bo‘lish qiyin emas, lekin har kuni birga bo‘lgach — niqobni yechishdan qochib bo‘lmasdi.

Men unga qulaylik yaratish uchun o‘z istaklarimdan voz kechdim

Misol uchun, onam menga qo‘ng‘iroq qilgan vaqti turmush o‘rtog‘im birgalikda film tomosha qilishni taklif qildi. Men onamga: “ertaga qo‘ng‘iroq qilaman” deb, film tomosha qildim. Bunday holatlar yana juda ko‘p.

Lekin siz qo‘ng‘iroq qilib, uni biror joyda birga kechki ovqatga taklif qilsangiz, u: «kechirasan, bugun men do‘stlarim bilan bo‘laman», deydi. Shunda juda alam qiladi. O‘ylab qolaman: “axir men sizni deb onam bilan gaplashmadim, siz esa menga bunday deyapsiz”. Xafa bo‘laman. U bunday qilishimni so‘ramagan edi. Shunchaki filmni tomosha qilishni taklif qilgandi va men buni rad etishim mumkin edi.

Shu sababli jazavaga tushib qolar edim. Bunday paytlar qiyin kechardi. Hozirda, bir necha psixoterapiya kurslaridan so‘ng, munosabatlarga aql bilan yondashmoqdaman.

Nikohning ta’siri

Meni o‘zgartirgan barcha jihatlarni ko‘rsatish mazmunan qiyin. Asosiysi, biz hali uchrashib yurgan vaqtlarimizdagi arzimagan narsalardan ayb topish odatimni to‘xtatdim.

O‘zimdan so‘rayman: “50 yil birga yashaganingizdan keyin bular sen uchun muhim bo’ladimi?” Javobingiz – «yo‘q» bo‘lsa, unda men buni qabul qilaman. Qolaversa, u mening xatolarimga, odatda, ko‘z yumishini ko‘rib turaman.

Bir safar, turmush o‘rtog‘imning toza ich-kiyimlari qolmaganligi ma’lum bo‘ldi, hammasi hali nam yoki yuvishga tashlangan edi. Boshqa biror kishi g‘azablanib ketishi mumkin edi, lekin biz u bilan kulib yubordik va birgalikda fen bilan quritdik. Aslida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. U menga: «ishlaganingdan ko‘ra, kiyimlarimni yuvsang yaxshiroq bo‘lardi», – deyishi mumkin edi.

Bir oila bo‘lganingizdan keyin munosabatlaringizga jiddiyroq yondashishni boshlaysiz. Siz ularga mehringizni berishni, har qanday xush keladigan ishlar qilishni xohlaysiz.

Aytilganlarning barchasiga qaramay, men bunday erta nikohni umuman tavsiya qilmayman. Men bilan bo‘lgan hol – omadim chopdi, lekin bu juda kamdan kam hollarda bo‘ladi. Agar mening qizim bo‘lsa, uni 18 yoshida uzatishga mutlaqo qarshi bo‘lardim. Yoshlar oila qurishdan oldin bir-birini yaxshilab o‘rganishini tavsiya qilgan bo‘lar edim.