«O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonamiz peshtoqida hilpirab turishi turli bayram va tantanalarda qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.
Barchamizga faxr va iftixor baxsh etuvchi davlat bayrog‘imizning qabul qilinganining 33 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!