1-iyun «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni»ga bag’ishlab eko-master-klass o’tkazildi

Agar zimdan kuzatsangiz bolajonlarning quvnoq o‘yinlari, shirindan-shakar qiliqlaridan tortib hatto arazlarigacha sodda va samimiy. Ularning samimiy kulgusi va quvonchi umidsiz qalblarga umid, maqsadsiz insonlarga esa oldinga intilish uchun kuchli xohish uyg`otadi. Bolaning kulgusi butun jahonga quvonch taratadi.

«Ziyo forum» fan va ta’limni rivojlantirish xalqaro fondi tomonidan 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ham bolalar quvonchini his qilishingiz mumkin.

Bayram munosabati bilan bolajonlar uchun eko-master-klass tashkil etildi. Unda taniqli Ekobloger Mo’tabar Xushvaqtova (Urikguli) ishtirok etib, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish haqida so’zlab berdi. Shuningdek bolajonlar eko bilimini shakllantirish maqsadida gul parvarishlash haqida amaliy mashg’ulot ham o’tkazildi.

Master klass davomida bolajonlar maxsus tuvaklarga gul urug’larini ekishdi. Gul tuvaklarini bezash maqsadida rasmlar chizishdi. Bu amaliy mashg’ulotlarni har bir jajji ishtirokchi o’zgacha ishtiyoq, zavqu-shavq bilan bajarganini ko’rish mumkin.

Javohir Xojimurodov 11 – yosh

– Men opam bilan bu yerga keldim. Master-klassda qatnashayotganimdan hursandman. Ekologiya, tabiatshunoslik bo’yicha qiziq ma’lumotlarga ega bo’ldim, bu bo’yicha bilimlarim ko’paydi. Tuvakka gul ekdim, bu gulni parvarish qilish uchun o’z-o’zimizga berishdi. O’zim rasm chizishni yaxshi ko’raman, shuning uchun tuvakka rasm chizishda mazza qildim. «Ziyo forum»chilarga rahmat deyman

Zavqli mashg’ulot barchaga birdek quvonch ulashdi. Master klasda faol ishtirok etgan bolajonlarga bayram sovg’alari ulashildi.