Qabul jarayonlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni e’lon qilindi

«Soʻnggi qoʻngʻiroq» nafaqat bitiruvchi oʻquvchilar, qolaversa talabalar – yoshlar uchun ham intiq kutiladigan bayram. Yurtimizda ham har yili bu sana maktablarda nishonlanishi anʼanaga aylangan. Ayniqsa, shu kuni bitiruvchilarga Prezident tabrigini yoʻllanishi katta quvonch bilan kutib olinadi. Bu yil ham shunday boʻldi. Tabrikdagi Prezidentimizning «Vatanimizga munosib farzand boʻlishga bel bogʻlagan yoshlar – Oʻzbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir» degan soʻzlari har bir yosh avlodga gʻurur bagʻishlagani, katta motivatsiya boʻlganini alohida eʼtirof etish kerak. Ayni sanada davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan, «2024/2025 – yilgi Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida»gi farmon barcha uchun yangilik boʻldi. Toʻliq farmon: https://president.uz/uz/lists/view/7256

Maqolada farmonda belgilangan yangiliklar haqida bilib olishingiz mumkin.

Qabulga qachon start beriladi?

Demak farmonga koʻra, rasman 2024/2025 – yilgi qabul jarayonlari 5 – iyundan boshlanadi. Atigi 10 kundan keyin qabulga start beriladi. Davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

– birinchi bosqichda abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun roʻyxatdan oʻtadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon boʻlsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy taʼlim muassasasini tanlaydi;

– oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida oʻtkaziladi;

– ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlaydi.

Buning qulay tarafi shundaki, endi abituriyentlar vaqtliroq roʻyxatdan oʻtib qoʻyishadi undan keyin bemalol imtihonga tayyorgarlik koʻrishadi. Biroq, imtihon sanalari iyul-avgust oylariga qoʻyiladigan boʻlsa, yozning qoq oʻrtasiga toʻgʻri keladi. Jazirama kunlarda imtihon topshirish odamni ikki hissa charchatadi shu sababli, har yili imtihon kunlari avgust oyiga qoʻyilar edi. Bu yil yangi tartib boʻyicha sanalar oʻzgargan. Abituriyentlarning qiynalmay imtihon topshirishlari uchun salqin binolar, bosh kiyimlar va ichimlik suvi bilan taʼminlanadi degan umiddamiz.

Oliy taʼlimning bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul qilingan talabalarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi. Bunda:

– taʼlim granti birinchi kursda oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi;

– taʼlim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting koʻrsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;

– taʼlim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat toʻliq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi;

– ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grand sohibi boʻlgan talabalarga davlat granti ularning oʻqish davri uchun toʻliq hajmda taqdim etiladi.

Demak, endilikda davlat granti imtihonda yuqori ball olgan talabalarga bir oʻquv yili uchun ajratiladi. Ikkinchi kursdan boshlab yaxshi oʻqigan va tirishqoq talabalar oʻrtasida qayta taqsimlanadi. Grandga kirgan talaba oʻquv mashgʻulotlariga yaxshi qatnashmasa hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari past boʻlsa keyingi yildan u kontraktga tushiriladi.

Ijtimoiy – rag‘batlantiruvchi grand sohibi bo‘lgan talabalarga davlat granti to‘liq ta’lim olish jarayoni uchun taqdim etiladi. Bundan tashqari farmon doirasida ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi. Shunday qilib, farmon doirasida bu yilgi qabul jarayonlariga sezilarli darajada o‘zgarishlar va yangilanishlar kiritildi. Maqola so‘ngida ma’lumot o‘rnida 2025/2026-o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.

Maqola muallifi: Jayron Berdiyeva