
Talabalar uchun foizsiz kreditlar berish oliy ta‘lim olish imkoniyatini ta‘minlashga qaratilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturidir. 2021-yildan boshlab, ta’lim krediti yurtimizdagi barcha oliy, professional ta‘lim muassasalari, endilikda xususiy va xorijiy oliygohlar hamda ularning filiallari talabalariga kontrakt to‘lovlari uchun beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta‘limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta‘lim kreditlari ajratiladi. Foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Asosiy qarz miqdorini xotin-qizlar o‘qishni tugatgach, 7 yil ichida to‘laydi. Avlod Media ta‘lim krediti olgan talabalar bilan suhbat o‘tkazdi. Talabalar kredit olish jarayoni qanday kechganligi haqida so‘zlab berdi. Keling ularning fikrlarga kengroq to‘xtalamiz.
Diyora Abdashimova O‘zbekiston milliy universiteti talabasi
“2021-yil noyabr oyida Quyi Chirchiq tumani Ipoteka bank Do‘stobod filialidan ta‘lim krediti olganman. O‘zim Oqqo‘rg ‘on tumanida tug‘ilganman. Bir yillik to‘lov kontraktim 12 mln 622 ming so ‘m miqdorida kredit olganmiz. Kafillarim dadam va opam bo‘lgan. Dadam o‘sha paytlar paxta punktida ishlardi. Opam maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. O‘sha paytlar kredit uchun foiz stavkalari mavjud degan qonun bor edi. Shuning uchun hozir foiz to‘loviga har oyda 145 ming so‘m miqdorda pul Ipotekabankga to‘layapman. Oilaviy sharoitimiz o‘sha yili sal qiyinroq bo‘lib qoldi, o‘zimdan katta opamni uzatdik va biz foizli bo‘lsa ham ta‘lim krediti olishga majbur bo‘ldik. Menga qolsa boshqalarga o‘shxab foizini vazirlik to‘lasa, qolganini o‘qishni tugatgach o‘zim ishlab to‘lashni xohlardim. Ziyo forum va Avlod Mediani har doim kuzataman. Talabalar uchun juda ham foydali, loyihalar, dasturlar, kontentlar qilasizlar. Sizlardan iltimos qilardimki, kontrakt to‘lovim uchun biroz bo‘lsa ham yordam berishingizni yoki imtiyozlar bor bo‘lsa xabardor qilishingizni so‘rab qolardim’’
Avlod Media talabaning murojaati bilan alohida shug‘ullanib holat bilan yaqindan tanishdi. Talabaning oilasi haqiqatdan qiyin vaziyatdaligi, oilada ikki kontrakt va ijtimoiy himoyaga muhtojligi aniqlandi. Biz tegishli idoralar bilan bog‘lanib ularga vaziyatni tushintirdik. Sizda ham shunga o‘xshash murojaatlar bo‘lsa, Yoshlar ishlari agentligining hududiy bo‘limlariga murojaat qilishingiz mumkin. Agentlik tomonidan noyabr oyining oxiriga qadar talabaning bir yillik to‘lov kontraktining 50 foizi qoplab beriladigan bo‘ldi. Talaba xursand va biz uning og‘irini yengil qilganimizdan mamnunmiz.
Munisa Hakimboyeva O‘zbekiston milliy universiteti talabasi
“Men Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida tug‘ilganman. Hozir Milliy universitetda o‘qiyman. Shu sababli, Toshkentda qarindoshlarimizning uyida yashayapman. O‘tgan yili Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Ipoteka bank filialidan foizsiz ta‘lim krediti oldim. Quvonarlisi shundaki, ta‘lim kreditini istalgan joydan olsa bo‘lar ekan. Ikki hafta ichida barcha hujjatlarim ko‘rib chiqilib menga ta‘lim krediti berishdi. Balki undan oldinroq ham hal bo‘lishi mumkin edi. Muhr, imzolash degan ishlar bilan vaqt sal cho‘zildi. Biroq barchasi ijobiy ko‘rib chiqilganidan juda xursand bo‘ldim”
O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan har bir talaba ta‘lim kreditini mamlakatimizning istalgan joyidan turib rasmiylashtirsa bo‘ladi. Bu viloyatdan kelib o‘qiydigan talabalar uchun juda yaxshi imkoniyat. Ta‘lim kreditini hamma banklar ham beravermaydi shu sababli, biz sizga qaysi banklardan olishingiz mumkinligini aytib o‘tamiz:
- Milliy bank
- O‘zsanoatqurilishbank
- Agrobank
- Mikrokreditbank
- Xalq banki
- Qishloqqurilishbank
- Turonbank
- Hamkorbank
- Asaka bank
- Ipoteka bank
- Orient finans bank
Ro‘yxatda mavjud barcha banklar va ularning filiallariga murojaat qilishingiz va ta‘lim kreditini shu joyning o‘zida universitet hisob raqamiga o‘tkazishingiz mumkin. Ular ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ta‘lim kreditini shaharning o‘zida rasmiylashtirish imkoniyatiga ega. Yurtimizda bilimli talabalar juda ko‘p. Ammo ular orasida kam ta‘minlangan, oilalarning farzandlari o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lishyapti. Ta‘lim krediti aynan shunday kam daromadli oilalarning farzandlari uchun juda yaxshi yechim bo‘ladi. Ta‘lim krediti to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri bo‘yicha xotin-qizlar uchun foizsiz stavkada kredit ajratiladi va kreditning to‘liq moliyaviy qarzi o‘qishni tugatgandan keyin 7 yil mobaynida to‘lanadi. Ijtimoiy himoya yagona reestriga kirgan oilalar farzandlariga ajratiladigan ta‘lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi. Kreditni qaytarish va kredit monitoringini amalga oshirish taribiga ko‘ra: asosiy qarz va foiz to’lovlari kredit oluvchi tomonidan ta‘lim krediti shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarda to‘lanadi. Kredit olgan talaba kredit miqdorini muddatida ko‘rsatilgan vaqtdan oldin qaytarishga to‘liq haqli. Ziyo forum ilm – fan va ta‘lim tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi ham har yili o‘z stipendiyalari bilan talabalarning ta‘lim olishiga yordam berib kelmoqda.