Har yili butun dunyoda 11-oktyabr “Butunjahon qizlar kuni” sifatida nishonlanib keladi. Yurtimizdagi go‘zal va bir-biridan lobar qizlarimizni “Avlod Media” nomidan ushbu bayram bilan tabriklaymiz. Qizlarimizdan, o‘zlari o‘ylagan va reja qilgan maqsadlariga erishishlari hamda kelajakda jamiyatimizning har qanday sohasida ildam harakat qilishlarini kutib qolamiz.
Yurtimizdagi qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ta’lim olishi va o‘z sohasining munosib yetakchi kadrlari qatorida bo‘lishi uchun Prezidentimiz farmonlari bilan bir qator imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. Misol uchun xotin-qizlarga davlat grand o‘rinlarining oshirilishi, besh yillik ish stajiga ega xotin-qizlarni oliy ta’limga qabul qilish uchun qo‘shimcha kvotalar, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichini qizlar uchun bepul ya’ni davlat budjeti mablag‘laridan qoplash, o‘zinio‘zi band qilgan xotin-qizlar qo‘shimcha subsidiyalar, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘lari uchun foizsiz kreditlar ajratish kabi bir qator imtiyozlar joriy etilgan. Yaqin besh yil ichida ana shunday o‘zgarishlar va yangilanishlar bo‘lgani, bugun qizlarimizning butun hayot tarzini va imkoniyatlarini tubdan o‘zgartirib, ularga ulkan marralar eshigini ochmoqda.
Afsuski, jahonning barcha davlatlarida ham qizlarning ta’lim olishi va rivojlanishi uchun yetarlicha shart va sharoitlar mavjud emas. Keling, ayrim faktlar bilan tanishamiz:
- Bugungi kunda har beshinchi qizdan 1 nafari hali ham o‘rta maktabni tamomlamayapti, har 10 nafar qizdan 4 nafari esa o‘rta maktabni tamomlamayapti.
- O‘smir qizlar va yosh ayollarning qariyb 90 foizi kam daromadli mamlakatlarda internetdan foydalanmaydi, ularning erkak tengdoshlari esa ikki baravar ko‘p internetda bo‘lishadi.
- Dunyo miqyosida 5-14 yoshdagi qizlar shu yoshdagi o‘g‘il bolalarga qaraganda har kuni to‘lanmagan parvarish va uy ishlariga 160 million soat ko‘proq vaqt sarflaydi.
Shunday tahlikali holatlar davom etayotgan bir davrda, yurtimizdagi qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, beixtiyor shu zaminda tug‘ilishning o‘zi baxtdek tuyulib ko‘rinadi. Shuning uchun bugun qizlarimiz bor imkoniyatlardan foydalanishlari va yuksak marralarni zabt etishlariga tilakdoshmiz.