1-iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

2024-yil 1-iyuldan yurtimiz qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bor? Mazkur sanadan boshlab Oʻzbekistonda qanday yangiliklar kutilayotgani bilan tanishishingiz mumkin.

Endilikda IT sohasiga ajratiladigan grantlar 1 milliard so‘mgacha oshadi.

Joriy yilning 1-iyulidan boshlab, IT sohasiga ajratiladigan grantlar 1 milliard so‘mgacha oshadi. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki tomonidan har yili o‘tkaziladigan tanlov asosida IT sohasida taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, grant ajratish tizimi; quyidagi yo‘nalishlarda joriyetilmoqda:

– istiqbolli loyiha uchun – 150 million so‘m;

– mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyiha uchun – 300 million so‘m;

– jahon bozoriga ixtisoslashgan loyiha uchun – 1 mlrd.

Maktab joylashgan hududlarda fotoradar oʻrnatiladi

Yo‘llar bo‘ylab joylashgan maktablar yaqinida, to‘rt va undan ortiq polosali bo‘lgan yo‘llarning piyodalar o‘tish joylarida hamda baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgan joylar yaqinida huquqbuzarliklarni maxsus foto va video qayd etish vositalari bosqichma-bosqich o‘rnatiladi

Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatiladi

Adliya vazirligi tomonidan «Madad» NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida «Madad» NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;

huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek, nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida:

elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va maʼlumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari va YIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi;

intellektual mulk obyekti ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi QR-kod bilan muhofazalangan elektron hujjat berish tartibi joriy etiladi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID usuli joriy qilinadi

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulaylik yaratish uchun Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;

avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi;

noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi

Ayrim turdagi bemorlar endi bepul davolanadi

Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan bemorlar belgilangan tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.

«Shaffof qurilish» tizimida yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi

Qonunchilikka ko‘ra, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari roʻyxatga olinadi

Tajriba tariqasida 5 ta shahardagi ichimlik va oqova suv ta’minoti xususiy sektorga beriladi

2024-yil 1-iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv taʼminoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish jadallashtiriladi

2024-yil 1-iyuldan, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda:

korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga bo‘ysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi;

korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi;

kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.